“Soliq” mobil ilovasining yangi versiyasi foydalanishga taklif etilmoqda

Hurmatli foydalanuvchilar, eʼtiboringizga “Soliq” mobil ilovasining navbatdagi 1.4.2 versiyasi tomonidan qo’llab-quvvatlanuvchi yangi xizmatlarni havola etamiz:

«Ortiqcha to’langan soliqlarni qaytarish» xizmati yordamida jismoniy shaxslar yil yakuni boʼyicha ortiqcha toʼlangan soliq summalarini elektron ariza yuborish orqali qaytarib olishlari mumkin.

«Soliq imtiyozlarini qaytarish» xizmati Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandi ga asosan ilova orqali shartnoma va toʼlov hujjatlarini biriktirgan holda jami yillik deklaratsiyani yuborish imkoniyatini yaratadi. Xizmatdan foydalangan holda jismoniy shaxslarning yoʼnaltirilgan daromadlaridan 12% miqdorida daromad soligʼini qaytarib olish mumkin.

“Fiskal modul uchun toʼlov” xizmati yordamida onlayn nazorat-kassa mashinasida qo’llaniladigan fiskal modul uchun toʼlovni ilova orqali oson amalga oshirish imkoni mavjud.

Ma’lumot uchun: fiskal modul maʼlumotlarning kriptografik himoyasini taʼminlovchi fiskal xotira vazifasini bajaruvchi ixtisoslashtirilgan fizik qurilma hisoblanadi. Fiskal modulda USB kalit o’rnatiladi.

“Mening qarzlarim” xizmati orqali kommunal qarzdorlik, Majburiy ijro byurosi va yoʼl harakati qoidalari jarimalarini toʼlash mumkin.

Shuningdek, “Soliq” mobil ilovasining yangi 1.4.2 versiyasida “SoliqID” identifikatsiya tizimining ishi takomillashtirildi hamda Face ID texnologiyasi orqali roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarning ilovaga biriktirilgan telefon raqamlari ularning JShShIR lariga bogʻlash funksiyasi joriy etildi.

Eslatib o’tamiz, “Soliq” mobil ilovasida joriy etilayotgan yangi xizamatlardan foydalanish maqsadida ilovani so’nggi versiyasigacha yangilab borish tavsiya etiladi.

“Soliq” mobil ilovasi – soliq xizmatlaridan qulay va samarali foydalanish garovi!