Korxona nizomi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi
“Soliq-servis” davlat unitar korxonasining

Soliq mobil ilova” filiali to‘g‘risida

NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qaroriga 1-ilova: “Davlat korxonalari to‘g‘risida” Nizomning 21-23-bandlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Hay’ati majlisining 2022-yil 06-iyuldagi 10/1-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi (keying o’rinlarda “Korxona”) Ustaviga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Korxonaning “Soliq mobil ilova” filiali (keyingi o‘rinlarda Filial deb ataladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari, javobgarligi va faoliyatining tashkil etish tartibini belgilaydi.
  2. Filial Korxonaning alohida bo‘linmasi hisoblanadi.
  3. Filialning to‘liq rasmiy va qisqartirilgan nomi:
  • davlat tilida: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi “Soliq mobil ilova” filiali;
  • qisqacha nomi: “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi “Soliq mobil ilova” filiali;
  • rus tilida: Филиал «Мобильное приложение налоговой» Государственного унитарного предприятия «Налог-сервис» при Государственном налоговом комитете Республики Узбекистан;
  • qisqacha nomi: Филиал «Мобильное приложение налоговой»
    ГУП «Налог-сервис»;
  • ingliz tilida: the Branch “Tax mobile application” of the “Tax-service” state unitary enterprise under the State Tax Committee of the Republic of Uzbekistan;
  • qisqacha nomi: the Branch “Tax mobile application” of the “Tax-service” SUE.
  1. Filialning joylashgan joyi (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, 166-uy.
  2. Filial o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, farmoyishlari, Davlat soliq qo‘mitasi va Korxonaning ichki normativ hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
  3. Filial o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yuritadi, mobil ilovalar, dasturlarni ishlab chiqadi, takomillashtiradi, to‘lov tizimida axborotni va xavfsizlikni himoya qilishni ta’minlaydi.
  4. Filial tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda o‘z vakolatiga kiradigan ishlarning joylarda to‘g‘ri tashkil etilishini ta’minlaydi, mavjud muammolarni aniqlab, ularning bartaraf etilishini nazorat qiladi va kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilab beradi.
  5. Filial o‘ziga yuklatilgan vazifalarni Davlat soliq qo‘mitasi Markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari, hududiy davlat soliq xizmati organlari, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Korxonaning bo‘linmalari va filiallari, Qo‘mita tarkibidagi boshqa davlat unitar korxonalari va davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tijorat banklar va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda bajaradi.

2-bob. Filialning vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari hisoblanadi:
  • mobil ilova (dastur)lar ishlab chiqish, ularni takomillashtirib borish;
  • ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan berilgan takliflar asosida mobil ilovalar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
  • mobil ilovalarni yaratish, ishlab chiqish bosqichlarida milliy standartlar bilan belgilangan texnik hujjatlarni, jumladan, texnik topshiriqlarni ishlab chiqish usullarini chuqur o‘rganish va joriy qilish;
  • mobil ilovani yaratishda, biznes talablariga qat’iy rioya etish, ishlash algoritmini ro‘yobga chiqarishda optimal yechimlardan foydalanish, foydalanuvchi va administrator interfeyslari qulay, tushunarli va estetik jihatdan ko‘rkam dizaynda (ko‘rinishda) amalga oshirilishini monitoring qilish va tegishli takliflarni kiritish;
  • mobil ilovadan test rejimida foydalanish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish;
  • ishlab chiqilgan mobil ilovalar uchun foydalanish yo‘riqnomalarini ishlab chiqish va yangilab borilishini ta’minlash;
  • zamonaviy xisoblash texnikasi va matematik-iqtisodiyot usullaridan foydalanib, soliq va iqtisodiyot ma’lumotlariga ishlov berishda fan va texnika yutuqlaridan foydalanib, mahalliy va xorijiy tajribalarni tahlil qilish, baholash, taqqoslash va umumlashtirish yuzasidan ilmiy-tadqiqot, izlanish va konstruktorlik-loyiha ishlarini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
  • mobil ilovalar ishlab chiqish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda joriy etish yuzasidan takliflarni Korxona rahbariyatiga taqdim etish;
  • joriy qilingan mobil ilovalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • innovatsion yechimlarni qo‘llagan holda amaldagi ishlatiladigan mobil ilovalarni takomillashtirish;
  • Korxona tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarda innovatsion yechimlarni qo‘llash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.
  • to‘lov tizimida axborotni va xavfsizlikni himoya qilishni ta’minlash;
  • ishlab chiqilayotgan dasturlar yuzasidan barcha hujjatlarni markazlashtirilgan holda saqlanishi, hisobi yuritilishi, Davlat soliq qo‘mitasining axborot tizimlariga uzatilishi hamda dasturiy-apparat majmuasining uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta’minlash;
  • ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari himoya qilinishini ta’minlash;
  • qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli organlarning yozma so‘roviga asosan saqlanayotgan ma’lumotlar to‘g‘risida axborot berish;

Korxonaning ichki belgilangan tartib qoidalariga qat’iy amal qilish.

Qonunchilikda belgilangan va ta’qiqlanmagan boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

  1. Filial o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

Filial xodimlari malakasini oshirish maqsadida o‘qish, trening, konferensiya, master klasslar tashkil etishda ishtirok etadi;

Filial xodimlarni malakasini oshirish maqsadida chet eldan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishi va chet elda malakasini oshirishi yuzasidan takliflar beradi;

mobil ilova (dastur)larni ishlab chiqishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini doimiy monitoring qilib boradi;

mobil ilova (dastur)lar ishlab chiqilishi jarayonida yuzaga kelgan xatoliklarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘radi;

Davlat soliq qo‘mitasi va Korxonaning tegishli ko‘rsatmalari mobil ilova (dastur)larni doimiy takomillashtirib borish choralarini ko‘radi;

mobil ilova (dastur)lar ma’lumotlarining markazlashtirilgan holda xavfsiz saqlanishini ta’minlash choralarini ko‘radi;

dasturiy-apparat majmuasining uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta’minlaydi, mazkur yo‘nalishda murojaat etuvchilarga amaliy yordam ko‘rsatadi.

hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi shartnomada belgilangan shartlarga rioya etilishini ta’minlaydi, shartnoma talablari operatorlar tomonidan bajarilmagan hollarda qonunchilik hujjatlarida va shartnomada belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

ilova (dastur)lardan foydalanish jarayonlarida ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari himoya qilinishi, bunday ma’lumotlarning qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hollarda boshqa shaxslarga oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi;

ilova (dastur)lar global internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytni yuritilishini, undagi ma’lumotlarning doimiy yangilab borilishini ta’minlaydi;

rasmiy veb-saytda ilova (dastur)lardan foydalanish qo‘llanmalarni hamda sohaga oid ma’lumotlarni joylashtirib boradi;

sud organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa vakolatli tashkilot, muassasa va vakolatli shaxslarning yozma so‘roviga asosan tegishli ma’lumotlarni beradi;

ilova (dastur)lardan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hollarda, shuningdek, bunday ma’lumotlarni olish vakolatiga ega bo‘lmagan korxona, tashkilot, muassasa va shaxslarga berilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlaydi;

axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqadi, to‘lovlar to‘g‘risidagi axborotni shakllantirish, uzatish, saqlash va unga ishlov berishning barcha bosqichlarida to‘lovlar to‘g‘risidagi axborotni uzluksiz himoya qilish, dasturlarga va operatsion tizimga zarar keltiruvchi zararli kodlar (kompyuter viruslari) va ularning salbiy ta’sirining oldini olish uchun qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘radi;

axborot muxofazasini ta’minlovchi hujjatlar ishlab chiqadi hamda unga amal qilinishini ta’minlaydi;

to‘lov axborotlarining maxfiyligi hamda ulardagi shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qiladi;

axborot tizimlarida xodimlarning vakolatlarini cheklaydi, axborot tarmoqlarini hujumlardan himoya qiladi, axborot resurslari monitoringini olib boradi, axborot xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq noxush hodisalarni aniqlaydi, axborot xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq noxush hodisalarga nisbatan ta’sir choralari qo’llanilish choralarini ko’radi;

normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan, ma’muriy-huquqiy, tashkiliy, injener-texnik va boshqa chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladigan, tashkilotning konfidensial ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olishni ta’minlovchi tartib – xavfsizlik rejimini ta’minlaydi;

to‘lovlarni amalga oshirish jarayonini nazorat qilib boradi;

to‘lov tizimining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish va elektron arxiv yuritilishi choralarini ko’radi.

Filial qonunchilik hujjatlarida, Davlat soliq qo‘mitasining hamda Korxonaning ichki normativ hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifa va funksiyalarni ham bajarishi mumkin.

3-bob. Filialning huquqlari, majburiyatlari
va javobgarligi

  1. Filial xodimlarining huquqlari va majburiyatlari Korxonaning Ustavi, shuningdek, ushbu Nizom bilan tartibga solinadi.
  2. Filial o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

Korxona tomonidan o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda belgilangan tartibda ishtirok etish;

filial vakolatiga doir masalalarni Korxona rahbariyati va Davlat soliq qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish hamda ushbu masalalarning muhokamasida ishtirok etish;

filialning tarkibiy tuzilmasi va shtatlar jadvali doirasida xodimlarni ishga qabul qilish, boshqa ishga o‘tkazish, ishdan bo‘shatish, rag‘batlantirish va jazolash bo‘yicha Korxona direktoriga taklif kiritish;

axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ilova (dastur)lar ishlab chiqilishi faoliyatini nazorat qilish;

faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida Korxona rahbariyatiga taklif kiritish;

funksional vazifalarini lozim darajada bajarmagan, ichki tartib va mehnat intizomiga rioya etmagan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida Korxona direktoriga taklif kiritish;

davlat soliq xizmati organlari va Korxona ish yurituvidagi hujjatlardan vakolat doirasida va belgilangan tartibda foydalanish.

Filial qonunchilik hujjatlarida, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Korxonaning ichki normativ hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.

  1. Quyidagilar Filialning majburiyatlari hisoblanadi:

o‘z vakolatiga kiritilgan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda boshqa qonun va normativ hujjatlarni, Davlat soliq qo‘mitasi Hay’atining qarorlari, Davlat soliq qo‘mitasi va Korxonaning ichki normativ hujjatlari va ushbu Nizom ijrosini tashkil etadi hamda ta’minlaydi, shuningdek, ular ijrosining monitoringi va nazoratini amalga oshirish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qo‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilish;

davlat, tijorat va xizmat sirlarini oshkor etmaslik;

filial tomonidan vazifa va funksiyalari bajarilishida xufiyona iqtisodiyotni yuzaga kelishi va korrupsiya holatlarini oldini olish bo‘yicha tegishli, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuvini hal etish choralarini ko‘rish;

ish yuritishni belgilangan tartibda olib borish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari, Davlat soliq qo‘mitasi Hay’ati va xizmat yig‘ilishlari topshiriqlari hamda Rais topshiriqlarini nazoratdan olish jarayonida topshiriqni ijro etilganligi to‘g‘risida tayyorlangan hujjat albatta “Elektron hujjat almashish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (EHA) orqali Korxona bilan elektron shaklda kelishiladi;

filial qonunchilik hujjatlarida, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Korxonaning ichki normativ hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.

  1. Filial xodimlari:

o‘z funksional vazifalarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi;

O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari, Korxonaning ichki normativ hujjatlari, ushbu Nizom talablariga rioya qilmaganligi;

ijro intizomini buzganligi;

o‘zining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) tufayli soliq to‘lovchilarga moddiy va ma’naviy zarar yetkazganligi;

rahbariyat topshiriqlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan zarur nazoratni ta’minlamaganligi;

qonun hujjatlariga muvofiq davlat, tijorat va xizmat siriga rioya etmaganligi uchun belgilangan tartibda javob beradi.

Filial xodimlari qonunchilik hujjatlarida, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Korxonaning ichki normativ hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ham javobgar bo‘ladi.

4-bob. Filial faoliyatini tashkil etish

  1. Filialga Korxona direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Filial direktori rahbarlik qiladi.
  2. Filial direktori:

filial faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularning ishini tashkil etadi;

filialga yuklangan vazifalarning bajarilishi ustidan nazorat olib boradi;

xodimlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning zarur darajada bajarilishini nazorat qiladi;

shtatlarni shakllantirish, ishga qabul qilish, lavozimdan lavozimga o‘tkazish va ishdan bo‘shatish, filial xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va mukofotlash, xodimlarning faoliyatini baholash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish, shuningdek zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan yoki muddatida ijrosini ta’minlamagan xodimlarga nisbatan chora ko‘rish to‘g‘risida Korxona direktoriga tegishli tartibda taklif kiritadi;

qonunchilik hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq filial faoliyatiga tegishli boshqa masalalarni hal qiladi.

  1. Filial direktori bo‘lmagan vaqtda uning vakolatlari Dasturiy mahsullar bilan ishlash va biznes jarayonlarni raqamlashtirish bo‘limi boshlig‘i tomonidan bajariladi yoki Korxona direktorining buyrug‘i bilan boshqa shaxsga yuklatiladi.
  2. Filialning barcha xodimlari Filial direktorining tavsiyasiga asosan Korxona direktorining buyrug‘i bilan ishga qabul qilinadilar va ishdan bo‘shatiladilar.
  3. Filialning bo‘limlari tarkibi lavozim mutaxassisligi bilan birgalikda, kompyuter texnologiyalari va informatika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasida tanlov asosida egallanadi. Davlat soliq qo’mitasi tomonidan ruxsat etilgan hollarda, filial xodimlari tanlovsiz qabul qilinishi mumkin.
  4. Filial ishini qoida tariqasida Filial direktori tomonidan tasdiqlanadigan hamda Korxona direktori bilan kelishilgan oylik, choraklik va yillik ish rejalari asosida olib boradi.
  5. Filial oylik, choraklik va yillik ish yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar tuzadi hamda uni Korxona rahbariyatiga taqdim etib boradi.
  6. Ishga qabul qilishda va filialda mehnat faoliyatini olib borish chog‘ida xodimlarga O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi umumiy talablari hamda Korxona ichki hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa talablar tadbiq etiladi.

5-bob. Moddiy ta’minot va rag‘batlantirish

  1. Filial xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan, dam olish va bayram kunlari ishga jalb qilinganligi uchun to‘lovlar, boshqa ustama, qo‘shimcha haqlardan iborat bo‘ladi, ular qonunchilik hujjatlari hamda Korxona ichki hujjatlarida (jamoa shartnomasi, nizom va b.) belgilangan tartibda to‘lanadi.
  2. Filial va uning bo‘limlari xodimlariga Korxona xodimlari uchun nazarda tutilgan moddiy rag‘batlantirish turlari belgilangan tartibda tatbiq etiladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Filial direktori Korxona direktori oldida filial faoliyati to‘g‘risida muntazam ravishda hisobot beradi.
  2. Ushbu Nizomga rioya etilishini nazorat qilish Korxona direktori tomonidan amalga oshiriladi.
  3. Vazirlik va idoralar tomonidan filialga taqdim etilayotgan ma’lumotlar shuningdek, davlat soliq xizmati organlari tomonidan kiritilayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga ushbu ma’lumotni axborot resurs bazasiga kiritgan shaxslar javobgardirlar.
  4. Filialni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlari va Davlat soliq qo‘mitasining ichki normativ hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.